Qachon daraxt ekkan ma’qul?

Eng qulay ikki fasl — bahor va kuz.

Bahor. Martning oxiridan aprelning boshigacha tuproq qiziy boshlaydi. Bahorgi yomgʻir esa kerakli namlik bilan bilan ta’minlaydi.

Kuz. Sentyabr oxiridan noyabr boshigacha ulgurgan yaxshi: yer hali iliq, havo esa salqinroq boʻladi — yosh nihollar stressga uchramaydi. Yomgʻir ham tez-tez yogʻadi, koʻp sugʻorish shart boʻlmaydi.

Agar qish sovuq kelishi kutilayotgan boʻlsa, nobud boʻlmasligi uchun koʻchatlarni mart-aprelda ekkan yaxshi.  

Daraxtlarni qanday tanlash kerak? 

Koʻchat mahalliy sharoitga — jazirama issiqqa, qahraton qishga yoki uzoq davomli qurgʻoqchilikka moslasha olishi kerak. Shunda u tezroq ildiz otadi va mustahkam oʻsadi. Daraxtning mayda va qalin barglari boʻlsa, u kamroq namlik yoʻqotadi va koʻproq soya beradi. Tashqi koʻrinishini ham e’tiborga olish zarur: daraxtlar shaharga koʻrk qoʻshib turishi kerak.

Oʻzbekistonning deyarli barcha hududlariga mos keladigan uchta daraxt turi:

Oddiy eman. Quruq iqlimga chidamli. Yiliga bor-yoʻgʻi 25-35 santimetrga oʻssa-da, 200-1000 yil umr koʻradi. Emanning keng va qalin shox-shabbasi 30–40 м2 maydongacha soya berishi mumkin.

Emanning qalin shox-shabbasi koʻp soya beradi

Chinor. Chinor o‘zining silliq, yorqin tanasi va baquvvat shox-shabbasi bilan ulug‘vor va go‘zal ko‘rinishga ega. Ushbu daraxt qurgʻoqchilikka oson moslashadi. Biroq tomir yoyish uchun koʻp joyni talab qiladi.

Chinorlarni koʻpincha shahar ichida ekishadi

Dala zarangi. Issiqqa, soyaga, qurgʻoqchilikka va ifloslangan havoga chidamli. 10-20 yil ichida taxminan 15–20 metrgacha oʻsadi, bir necha yuz yil yashaydi. Dala zarangi ayniqsa kuzda oltindek yarqiragan barglari bilan alohida chiroyga ega boʻladi.

Zarangni barg shakliga qarab tanib olsa boʻladi

Mutaxassislar, shuningdek, kashtan, shumtol, qayragʻoch, kumushrang yoki shungbarg zarang, katalpa, yongʻoq, oq akas va argʻuvon ekishni tavsiya qilishadi. 

Shaharga qanday daraxtlar toʻgʻri kelmaydi? 

Shaharda ekilishi tavsiya qilinmaydigan daraxtlar:

  1. Ignabargli daraxtlar — qoraqaragʻay, qaragʻay. Ular issiq va quruq iqlimga bardosh berolmaydi, yetarli soya bermaydi.
  2. Koʻp chang tarqatuvchi daraxtlar — qayin, terak. Gulchang allergiyani qoʻzgʻaydi, havoni yanada ifloslantiradi. Terak tuki, qoʻshimchasiga, yongʻinga sabab boʻlishi mumkin.
  3. Mevali daraxtlar — olma, oʻrik, tut. Doimiy parvarish, sugʻorish va kesib turishni talab qiladi. Hosili hasharotlarni jalb qiladi, toʻkilganda trotuarlarni, odamlar kiyimini va mashinalarni kir qiladi. Mevali daraxtlarni shahardan tashqarida yoki parklarda va yoʻldan uzoq joylashgan hovlilarda ekkan toʻgʻriroq.

Koʻchatlarni qayerdan olsa boʻladi?

Nihollarni oson topish uchun uchta joy:

  1. agrobaza.uz sayti. Bu yerda agrosanoat kompleksi korxonalari, bogʻdorchilik xoʻjaliklari va koʻchatxonalar oʻz mahsulotlarini taklif qiladi.
  2. olx.uz. e’lonlar servisi.
  3. Chorsu va Oloy bozorlari.

Ikki yoshdan oshgan koʻchatlarni tanlang — tutib ketishi oson boʻladi.

Slide 1
Chorsuda koʻchatlar arzonroq va tanlovi koʻproq. Chinor, shumtol, mevali daraxtlarni topish mumkin
Slide 2
Koʻchatlar va oʻgʻitlar Chorsuda bogʻbonlarning savdo doʻkonlarida sotiladi
Slide 3
Bozorlarga ertalab kelgan ma’qul, tushlikka borib sotuvchilar kam qoladi

Ekish uchun ruxsat kerakmi?

Aholi punktlarida qayerda daraxt ekishni mahalliy boshqaruv organlari va koʻp qavatli uylarni boshqarish organlari belgilaydi. Ekish rejasini mahalla qoʻmitasi yoki hokimiyat bilan maslahatlashing. Bu muhim, chunki hokimiyat vakillari yer ostidan oʻtgan kommunikatsiyalar: suv va gaz quvurlari, elektr kabellari haqida ma’lumotga ega boʻlishadi. Yaqin joyda ekilgan daraxt ularga shikast yetkazishi mumkin. Agar daraxtni uyingiz yaqiniga eksangiz, u qo‘shnilaringizning xonalarini quyosh nuridan to‘sib qo‘yishi mumkin. . Shuning uchun qoʻshnilar bilan oldindan maslahatlashing. Yaxshisi ularni birgalikda ekishga chaqiring: hamma oʻz daxldorligini his qilsa, keyinchalik daraxtlarni koʻproq ishtiyoq bilan parvarishlaydi.

Qanday ekish va parvarishlash kerak?

Hammasi daraxt turiga bogʻliq: emanlarni bir-biridan 10–15 metr, zaranglarni — 2–4 metr masofada ekish kerak. Chinor quyoshli joyda va yumshoq tuproqda yaxshi oʻsadi. Batafsil ma’lumotni mavzuga oid saytlardan yoki koʻchat sotuvchilaridan olish mumkin.

Tuproqni tayyorlash. Nihol ildizlari sigʻadigan chuqurcha qazing. Mutaxassislar 50 × 50 × 50 santimetrdan 70 × 70 × 70 santimetrgacha kovlashni tavsiya qilishadi. Chuqurda toshlar, yovvoyi oʻtlar boʻlmasin, aks holda ular niholning oʻsishiga xalal beradi. Oʻgʻitlardan foydalaning: Oʻrmon xoʻjaligi agentligi saytidagi qoʻllanma bilan tanishib chiqing. Shuningdek, tayyor tabiiy chirindi sotib olish mumkin. 

Sotib olinadigan oʻgʻitlardan tashqari, toʻkilgan barglar va yanchilgan tuxum poʻchogʻi bilan qoʻshimcha ozuqlantirsa boʻladi — koʻchatni parvarishlashda ularni daraxtning tanasi atrofiga sochib qoʻying. 

Himoya. Niholga shikast yetmasligi uchun ekilgan daraxt atrofini toʻsiq bilan oʻrab qoʻygan maʻqul. Shuningdek, koʻchat yoniga qoziqcha qoqib, unga daraxtni bogʻlab qoʻyish kerak. Bu uni kuchli shamoldan himoya qiladi.

Sugʻorish. Koʻchatga oʻrtacha haftasiga ikki marta suv qoʻyish lozim. Chillada — uch marta. Uch yoshgacha boʻlgan niholni sugʻorishga 30–50 litr suv ketadi. Kattaroq daraxtga 50–80 litr kerak. Chuchuk suv ishlating: bu tuproqdagi tuz miqdorini kamaytiradi. 

Daraxt ekish boʻyicha Oʻzbekiston Ekologiya vazirligi qoʻllanmasi

Qancha xarajat qilish kerak?

Pastdagi jadvalda asosiy sarf-xarajatlar roʻyxatini keltirdik. Lekin siz bozorda savdolashishingiz yoki asbob-uskunalarni qoʻshnilardan olib turishingiz mumkin. Shuningdek, internet doʻkonlarda chegirmalar boʻladi: nimanidir arzonroq sotib olish mumkin.

Daraxt ekish xarajati: 309 000 soʻmdan

Maqola chiqarilayotgan paytdagi narxlar koʻrsatilgan.