1-maslahat. Dorini davlat reyestridan toping

O‘zbekistonda qo‘llash mumkin bo‘lgan dorilarning rasmiy ro‘yxati bor. Uni Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi veb saytidan topish mumkin. Agar dori vositasi ushbu ro‘yxatda bo‘lsa, demak, davlat uni laboratoriyada sinab ko‘rgan va muvofiqlik sertifikatini bergan. Agar ro‘yxatda bo‘lmasa, bunday dorini sotib olish tavsiya etilmaydi. 

Shuningdek, Markaz saytida qalbaki dori sotib olgan yoki uning haqiqiyligiga shubha qilgan xaridorlar murojaat yuborishi mumkin. Bundan tashqari, vazirlik har uch oyda bir marta aniqlangan qalbaki va sifatsiz tibbiyot mahsulotlari haqida ma’lumotlar e’lon qiladi.

Markaz saytida "Reyestrlar" bo‘limiga o‘ting va "Sertifikatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlar" bandini tanlang. Dori nomini kiritish mumkin bo‘lgan qidiruv qatori bilan jadval ochiladi. Manba: uzpharm-control.uz

2-maslahat. Dori nomini yangiliklardan izlang

Agar preparat odamlarga zarar yetkazgan bo‘lsa, bu haqda ommaviy axborot vositalarida xabar berilgan bo‘lishi kerak. Masalan, 2022-yilda "Dok-1 Maks" yo‘tal siropini ichgan 69 nafar bola vafot etgan. Bu voqea nafaqat O‘zbekistonda, balki uning tashqarisida ham shov-shuv bo‘lgan edi. 

Salbiy holatlar yuz bermaganiga ishonch hosil qilish uchun dori nomini "Yandex" yoki "Google"dan qidirib ko‘ring.

3-maslahat. Preparat qadog‘idagi kodni tekshiring

Har bir dori qadog‘ida raqamli Data Matrix kodi bo‘ladi — u QR-kodga o‘xshaydi. Data Matrix orqali dori haqidagi ma’lumotlar: ishlab chiqaruvchisi, yaroqlilik muddati, tarkibini bilib olish mumkin. 

Matriks kodlarni "CRPT TURON" MCHJ davlat operatori beradi: u barcha tovarlarni “Asl Belgisi” milliy markirovkalash tizimiga kiritadi. Kodlarni ikkita mobil ilovada skanerlash mumkin. Birinchisi — Android yoki iOS foydalanuvchilari uchun “Asl Belgisi” ilovasi, ikkinchisi — O‘zbekiston soliq qo‘mitasining Soliq.uz ilovasi. 

Ilovalardan birini yuklab, dori olishda qadoqdagi kodni skanerdan o‘tkazib ko‘ring. Agar preparat haqiqiy bo‘lsa, ilovada uning to‘liq tavsifi ko‘rinadi. Agar kod o‘qilmasa, demak, dori soxta yoki dorixonaga noqonuniy yo‘l bilan kelgan. Bu haqda ilovaning o‘zida ma’lumot berishingiz mumkin. Murojaatingizni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi qabul qilib, tegishli choralar ko‘radi.

Slide 1
Soliq-da kod tekshirish natijasi
Slide 2
Asl Belgisi tekshirish natijasi
Slide 3
Bu matrix-kod shunday koʻrinadi

4-maslahat. Qadoqdagi ma’lumotlarni solishtirib ko‘ring

Dori qutisidagi partiya raqami va yaroqlilik muddati tabletka ichidagi blister yoki flakondagi ma’lumotlar bilan bir xil bo‘lishi kerak. Aks holda mahsulot noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan yoki soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Quti va blisterdagi sana hamda partiya raqami bir xil bo‘lsa, bu dori haqiqiy ekanini bildiradi.

5-maslahat. Mahsulotning tashqi ko‘rinishiga e’tibor bering

Ba’zan muddati o‘tgan dori olib qo‘yishimiz mumkin. Yoki uni noto‘g‘ri saqlab, yaroqsiz holga keltirib qo‘yamiz. Quyidagi belgilar preparat muddati tugagani va uni iste’mol qilib bo‘lmasligini anglatadi:

Muddati o‘tgan yoki yaroqsiz dorilarning belgilari