Soliq chegirmasi nima?
Soliq chegirmasi — bu ma’lum xarajatlar, masalan, ta’lim olish yoki uy-joy sotib olish uchun to‘langan daromad solig‘ining bir qismining qaytarib olinishi. Usbu soliqni, shuningdek, ish beruvchi orqali rasmiylashtirish va oylik summasining soliq solinadigan qismini kamaytirish mumkin.
Oliy ta’lim muassasasi, kollej va texnikumda o‘qish uchun to‘langan JShDSni faqat so‘nggi besh yil uchun qaytarib olish mumkin. 2025-yilda 2020-2024-yillar uchun chegirma olish uchun ariza topshirish imkoniyati bor. Agar ta’lim olish uchun kredit yoki qarz olgan bo‘lsangiz, siz ham soliq imtiyozidan foydalanish huquqiga egasiz, bunda JShDS qaytarilishini kredit bo‘yicha foizlardan ham olish mumkin.
Soliq chegirmasiga kim ega bo‘lishi mumkin?
Faqat rasmiy daromad oluvchilarda chegirma huquqi mavjud. Siz kompaniya shtatida ishlashingiz yoki o‘zingizni o‘zingiz band qilishingiz mumkin — asosiysi, rasmiy ishlashingiz va daromad solig‘ini to‘lashingiz kerak.
Agar sizda rasmiy daromad bo‘lmasa yoki siz JShDS to‘lamasangiz, imtiyoz olishingiz mumkin emas.
Qonunga ko‘ra, siz o‘zingizning yoki yaqin qarindoshingiz — farzandingiz yoki turmush o‘rtog‘ingizning o‘qishi uchun to‘lov qilgan holda chegirmani rasmiylashtirishingiz mumkin. Talabaning yoshi muhim emas. Boshqa qarindoshlar, masalan, aka, amaki yoki opa-singil imtiyozdan foydalana olmaydi.
Yillik ish haqingizdan o‘tkazilgan JShDS chegirma summasidan kam bo‘lsa, chegirmaning bir qismini oilaning boshqa a’zosi olishi mumkin. Masalan, o‘qish narxi — 10 mln so‘m, chegirma — 1,2 mln so‘m. Yillik ish haqingizdan JShDS — 1 mln so‘m. Siz bu summaga chegirma olishingiz va qolgan 200 000 so‘mni turmush o‘rtog‘ingiz yoki ota-onangizga rasmiylashtirishingiz mumkin.
Soliq qaytarilishini rasmiylashtirish uchun kerakli hujjatlar
Quyidagilarni tayyorlang:
- o‘qish shartnomasi nusxasi;
- pasport yoki ID-karta nusxasi;
- rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ta’lim krediti olish uchun bank bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
- o‘qish uchun to‘lov yoki kreditni so‘ndirish to‘g‘risidagi kvitansiyalar nusxalari.
Agar chegirmani onlayn rasmiylashtirsangiz, uni skanerlang: nusxalarni arizaga ilova qilish kerak.
Soliq chegirmasi qanday rasmiylashtiriladi?
Tumaningizdagi soliq qo‘mitasi bo‘limiga yoki soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinet orqali yoki Soliq mobil ilovasida ariza topshirishingiz lozim.
Saytda rasmiylashtirish bosqichlari:
- Oldindan elektron imzoni rasmiylashtiring.
- Soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiring va soliq chegirmasini ham ko‘rsatib o‘ting. Soliq qo‘mitasida buni qanday amalga oshirish bo‘yicha batafsil video yo‘riqnoma mavjud
- Shaxsiy kabinetda "Jismoniy shaxslarga ortiqcha to‘langan soliq summalarini qaytarish" xizmatini tanlang. Maydonlarni to‘ldiring va "Yuborish" tugmasini bosing.
Pul arizada ko‘rsatib o‘tilgan bank kartasiga 15 kun ichida qaytarilishi kerak.
Arizani ilovada berayotgan bo‘lsangiz, bosqichlar quyidagicha:
- Soliq ilovasini yuklab oling va ro‘yxatdan o‘ting.
- "Shaxsiy xizmatlar" bo‘limida "Soliq imtiyozlarini qaytarish" bandini tanlang.
- Taklif qilingan maydonlarni to‘ldiring — ish joyingizni, daromadingizni va imtiyozlaringizni ko‘rsatib o‘ting.


Ish haqini olishda soliq chegirmasidan qanday foydalanish mumkin?
Agar siz o‘qish uchun maoshdan haq to‘lasangiz yoki buning uchun olingan kreditni to‘lasangiz, soliq chegirmasini ish beruvchining buxgalteriyasida rasmiylashtirishingiz mumkin. Ish haqingizning bir qismini kontrakt yoki o‘qish uchun kredit to‘loviga o‘tkazish uchun ariza yozing. Bu summadan daromad solig‘i ushlab qolinmaydi. Buxgalteriya o‘zi sizning soliq chegirmasi olayotganingiz haqidagi ma’lumotni soliq idorasiga yuboradi.
Arizadan tashqari, buxgalteriyaga quyidagilar kerak bo‘ladi:
- O‘qish haqidagi shartnoma nusxasi.
- Ta’lim kreditini olish uchun bank shartnomasi nusxasi.
Bu qanday hisoblanishiga misol:
- Maosh — 6 mln so‘m.
- Kredit bo‘yicha oylik to‘lov — 1 mln so‘m. Bu summadan daromad solig‘i ushlab qolinmaydi.
- Maosh qoldig‘i — 5 mln so‘m. Bu summadan 435 000 so‘m daromad solig‘i ushlab qolinadi, qo‘lga 4 565 000 so‘m olasiz.