Moliyaviy piramida nima?

Odamlardan ulkan daromad va’dasi bilan pul olib, aslida yangi ishtirokchilardan yig‘ilgan mablag‘lar evaziga pul to‘laydigan firibgar kompaniya. 

Firibgarlar o‘zlarini investitsion kompaniya deb tanishtiradi, imkon qadar ko‘proq tanishlarni keltirishga chaqiradi. Albatta, ular haqiqiy investitsiya bilan shug‘ullanishmaydi va yangi mijozlar oqimi kamaymaguncha faoliyat yurita olishadi xolos. Keyin o‘zlarini bankrot deb e’lon qilishadi: aksariyat pul qo‘yuvchilar mablag‘ini yo‘qotadi, tashkilotchilar esa hamma boylikni olib g‘oyib bo‘lishadi.

MMM va Ahmadboy — moliyaviy piramidalarga misollar

1990-yillarda faoliyat yuritgan "MMM" kompaniyasi aferasini rossiyaliklar yaxshi eslashadi. Yuz minglab odamni pulsiz qoldirgan tashkilot asoschisi Sergey Mavrodi kuniga 50 million dollargacha daromad olgan. 

O‘zbekistonga kelsak, eng mashhur moliyaviy piramida misoli — Ahmadboy nomi bilan tanilgan Ahmad Tursunboyevning kompaniyasi. Bu piramida besh yilcha faoliyatda bo‘ldi va yillik 100% foyda va’dasi bilan o‘n minglab odamni aldadi. Ahmadboy va sheriklaridan keyinchalik 13 milliard so‘m va 7,9 million dollar musodara qilingan. Piramida tashkilotchisi 14,5 yilga qamalgan bo‘lsada, ko‘pchilik omonatchilar pullarini qaytarib ololmagan.

2022-yil aprelda Toshkentda "Realnaya Investitsiya" MCHJ rahbari qoʻlga olindi. Kompaniya oyiga 10% dan foyda va’da qilgan, ammo moliyaviy piramida bo‘lib chiqqan. Tashkilotchi odamlardan deyarli 3 million dollar qarz bo‘lib qoldi.

Moliyaviy piramida belgilari

Juda katta foyda va’da qiladi. Piramidalar bank stavkalaridan bir necha baravar yuqori foizlarni taklif qiladi. Masalan, O‘zbekistonda o‘rtacha omonat stavkalari — yiliga 22-25 foiz. Agar bundan ancha ko‘p foyda va’da qilishsa, katta ehtimol bilan firibgarlar bo‘ladi.

Agressiv reklama va bosim. Vaqt oz qoldi, tezroq pul tik, oson foydadan quruq qolyapsan kabi qat’iy ishontirishga harakatlar moliyaviy piramidadan darak. 

Yangi ishtirokchilarni olib kelishga undaydi. Foyda olish uchun yana bir-ikki kishini olib kelishing kerak, deyishdimi — demak bu piramida. Masalan, bankda referal dastur bo‘lishi, mijoz olib kelganingiz uchun sizga ozroq mukofot berilishi mumkin. Lekin bank hech qachon omonatdagi daromading qancha odam jalb qilishingga bog‘liq, demaydi.

Litsenziyasi yo‘q. Qonunga ko‘ra, moliyaviy tashkilotlar O‘zbekiston Markaziy bankining litsenziyasini olishi shart. Piramida sxemalarida bunday litsenziya bo‘lmaydi. Litsenziyaning bor-yo‘qligini Yagona davlat xizmatlari portalida tekshirib ko‘rish mumkin. MBning rasmiy saytida esa fuqarolar mablag‘lari bilan ishlash huquqini olgan kompaniyalar ro‘yxati bor. 

Tushunarsiz daromad. Piramida kompaniyalar foiz to‘lash uchun pulni qayerdan olishini tushuntirmaydi. Savollarga "kriptovalyuta bilan savdo qilamiz" yoki "qimmatli qog‘ozlar sotish bilan shug‘ullanamiz" deb mavhum javob beradi.

Yangi texnologiyalar firibgarlarga qanday yordam beradi?

Oldin piramidalar real hayotda bo‘lgan — kompaniyalar aksiya yoki chipta chiqargan, odamlar ularni ofisga borib olishgan. Hozir firibgarlar saytlarini yaratmoqda, ijtimoiy tarmoqlar orqali ishtirokchi jalb qilmoqda. 

Masalan, 2022-yilda O‘zbekistonda Gift of Legacy moliyaviy internet piramidasi ommalashdi. Unda ishtirokchilarga $100 kiritib, $49 700 gacha ishlab olish va’da qilinadi. Buning uchun boshqalarni piramidaga jalb qilish kerak bo‘ladi. Sxema omma oldida fosh qilinganiga qaramay, Gift of Legacy hozirgacha faoliyat yuritib kelyapti.

2024-yilda firibgarlar dipfeykdan foydalanib, mashhur shaxslar nomidan videolar chiqarishni boshladi. Masalan, "Korzinka" supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov nomidan tarqalgan dipfeykda odamlarga pul tikish evaziga katta foyda va’da qilindi. 

Shuningdek, “Piramidachi”lar Telegram kanallar ochib, soxta daromad hisobotlarini, go‘yoki boyib ketgan odamlarning videolarini joylashtirishyapti. Yoki Gift of Legacy o‘yinida bo‘lgani kabi, blogerlarni reklamaga jalb qilishyapti. Lekin firibgarlar qanday usuldan foydalanmasin, ularning maqsadi bitta — yuqori daromad va’dasi bilan aldab, odamlarni shubhali tashkilotlarga pul tikishga ko‘ndirish.

Piramidaga pul tikkan kishi nima qilishi kerak?

O‘zbekiston qonunlarida "moliyaviy piramida" tushunchasi yo‘q. Lekin Jinoyat kodeksining 1881-moddasida "pul mablag‘larini noqonuniy jalb qilish faoliyati to‘g‘risida" degan band bor. Unga ko‘ra firibgarlik sxemasi tashkilotchisi 10 yilgacha qamalishi va mulki musodara qilinishi mumkin. Kompaniyani targ‘ib qilganlar uchun ham jazo bor. Masalan, firibgarlik reklamasini ijtimoiy tarmoqda joylashtirgan kishi javobgarlikka tortilishi mumkin.

Agar siz yoki yaqiningiz firibgarlar qurboniga aylangan bo‘lsa, mana shunday ish tuting: 

  1. Dalillar to‘plang: tuzilgan shartnoma, cheklar, to‘lov hujjatlari, yozishma skrinshoti, qo‘ng‘iroq qaydlari — xullas, bergan summangiz va evaziga sizga va’da qilingan mukofotni tasdiqlovchi barcha isbotlar.
  2. Ichki ishlarga ariza yozing. Vaziyatni batafsil tushuntiring, raqamlar bilan bog‘liq hamma ma’lumotlarni ko‘rsating.
  3. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga xabar bering — idora firibgarlikka qarshi kurashadi va qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishi mumkin.
  4. Markaziy bankka murojaat qiling — u litsenziyasiz moliyaviy kompaniyalar paydo bo‘lishini nazorat qiladi. Bu yangi firibgarlik holatlarining oldini olishga yordam beradi.
  5. Boshqalarni ogohlantiring. Holat haqida do‘stlaringizga, hamkasblarga, qo‘shnilarga aytib bering, ijtimoiy tarmoqlarda post yozing yoki ommaviy axborot vositalariga murojaat qiling. Shunda muammoga tezroq e’tiborni jalb qilasiz.

Esingizda bo‘lsin, moliyaviy piramidaga pul tiksangiz, uni qaytarib olishingiz deyarli imkonsiz bo‘ladi. Peshona teri bilan topilgan pulni shubhali odamlarga topshirishdan oldin e’tiborli bo‘ling, har qanday kompaniya haqidagi ma’lumotlarni erinmasdan tekshiring.