Qalbaki telefonni qanday aniqlash mumkin?

Kontrafakt originaldan tashqi ko‘rinishi, dasturiy ta’minoti, sifatsiz optikasi bilan ajralib turadi. Qalbaki mahsulot ko‘pincha arzonroq ham bo‘ladi: agar smartfon rasmiy do‘konga qaraganda ikki baravar past narxda sotilayotgan bo’lsa, hushyor tortish kerak. Qalbaki qurilmaning asosiy belgilari:

Sifatsiz upakovka. Qutisi shikastlangan yoki yumshoq kartondan yasalgan, logotipi xira, rus yoki ingliz tilida ma’lumot yo‘q.

Brend yoki model nomi xato yozilgan. Masalan, “Samsung Galaxy” emas — “Samzung Galaksi”, “Apple” emas — “Appple”. 

Qismlari sifatsiz. Korpus arzon plastikdan yasalgan: g‘ichirlaydi, rezina hidi keladi, ulanish joylarida tirqishlari bor. Telefon og‘irligi ishlab chiqaruvchi ko‘rsatgan vazndan farq qiladi.

Seriya raqami soxta. Telefon qutisida yoki qurilma sozlamalarida seriya raqami bo‘ladi. Raqamni smartfon ishlab chiqaruvchisining rasmiy saytida tekshirish mumkin. Agar saytda qurilma haqida ma’lumot bo‘lmasa, demak qalbaki.

Tekshirish uchun Samsung Galaxy, iPhone, Xiaomi 

Seriya raqamini tekshirishda xarid sanasi bo‘ladi. Agar telefon yangi bo‘lsa, bugungi sana ko‘rinadi. Boshqa sana ko‘rinsa, qurilma oldin faollashtirilgan bo‘ladi. Lekin bu kimdir undan foydalanganini anglatmasligi, masalan, sizga vitrinadan namuna ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin.

Apple saytida seriya raqamini tekshirishda xizmat ko‘rsatish ma’lumotlari paydo bo‘ladi
Agar telefon original bo‘lsa, Apple ma’lumotlar bazasi uning modeli va sotuv sanasini ko‘rsatadi

Soft ishlab chiqaruvchiniki emas. Ko‘pincha firibgarlar qalbaki qurilmalarga norasmiy dasturiy ta’minot o‘rnatadi. Sozlamalar orqali smartfonning texnik xususiyatlarini do‘kon yoki rasmiy saytdagi ma’lumotlar bilan solishtiring — hammasi harfma-harf mos kelishi kerak. Agar smartfon menyusida firma ilovalari bo‘lmasa yoki noto‘g‘ri ishlasa, interfeys notanish ko‘rinsa, opsiyalar boshqacha va turli o‘lchamdagi shriftda nomlangan bo‘lsa — telefon qalbaki.

Xira ekran va fotosuratlar. Firibgarlar Xiaomi’ning nemis optikasini yoki iPhone’dagi Fusion Camera linzalarini qalbakilashtira olmaydi. Shuning uchun kontrafakt smartfonlarning ekranlari xira bo‘ladi, suratlar to‘yinmagan va sifatsiz ko‘rinadi. Tekshirish uchun biror narsani rasmga oling: agar surat noaniq, konturlari xiralashgan, ranglari haqiqiyga o‘xshaydigan bo’lsa, bu original gadjet emas.

IMEI raqamini aniqlab bolmaydi. Har bir qurilmaning 15 sonli takrorlanmas IMEI raqami bo‘ladi. U bilan operatorlar smartfonni uyali aloqa tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tkazadi. Raqamni qadoqdan yoki telefon korpusidan topish mumkin. Smartfon ma’lumotlarini, jumladan IMEI raqamini *#06# terib aniqlasa ham bo‘ladi. Ekrandagi ma’lumotlar qutida va kafolat talonida ko‘rsatilgan raqamlarga mos kelishi kerak.

Samsung Galaxy va Xiaomi smartfonlarini ishlab chiqaruvchilarning rasmiy saytlarida IMEI bo‘yicha tekshirish mumkin. Qidiruv natija bermasa, telefon soxta bo‘ladi.

Samsung smartfonlarini tekshirish

Xiaomi smartfonlarini tekshirish

Apple saytida buni tekshirish imkoni yo‘q. Lekin raqamni IMEI.info portalida kiritib, iPhone modeli raqamini ko‘rish mumkin. Agar u smartfon sozlamalarida ko‘rsatilgan ma’lumotdan farq qilsa, demak telefon kontrafakt. 

Shuningdek, IMEI yordamida smartfonning O‘zbekistonga qonuniy olib kirilganini tekshirish mumkin. Bu haqda boshqa maqolada batafsil to‘xtalib o‘tganmiz.

Bu smartfonni IMEI.info da tekshirish natijasi
Model raqami sozlamalarda ko‘rsatilgan raqamga to‘liq mos kelishi kerak

Rasmiy kafolati yo‘q. Har bir kompaniyaning aniq kafolat shartlari va xizmat ko‘rsatish markazlari bor — manzillar odatda kafolat talonida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Masalan, Apple’ning Toshkentdagi servis markazi — iMarkaz kompaniyasi, Samsung’niki — Nano Master. Talonda do‘kon muhri va sotuvchining imzosi bo‘lishi kerak. Shahringizdagi vakolatli xizmat ko‘rsatish markazlarini Apple, Samsung yoki Xiaomi rasmiy saytlarida topishingiz mumkin.

Mamlakatga noqonuniy olib kirilgan telefonlarning kafolati bo‘lmaydi, hatto ular original bo‘lsa ham. Bunday smartfonlarni IMEI bo‘yicha o‘zingiz ro‘yxatdan o‘tkazishingiz va boj to‘lashingiz kerak.

Qo‘ldan telefon sotib olishda nimalarni tekshirish kerak?

Agar siz smartfonni qo‘ldan, masalan, OLX saytidagi e’lon bo‘yicha sotib olayotgan bo‘lsangiz, noqonuniy olib kirilgan yoki qalbaki gadjetga duch kelishingiz mumkin. Buni tekshirib olish oson: telefon loginga bog‘langanini aniqlash uchun sotuvchidan Google yoki Apple ID akkauntingizga kirib ko‘rishni so‘rang.

Sotuvchi rad etsa, smartfon qalbaki yoki o‘g‘irlangan bo‘ladi, chunki Xiaomi qurilmalarida akkauntga kirib bo‘lmaydi, Apple ID bo‘yicha esa telefon o‘g‘irlanganini aniqlash mumkin.

E’tibor bering: agar siz akkauntingizga kirib, keyin telefon sotib olish fikridan qaytsangiz, Apple ID akkauntingizdan chiqishni unutmang. Agar Andriod bo‘lsa, sozlamalarni asliga qaytaring. Ma’lumotlaringiz telefonda saqlanib qolmasin.

Qo‘ldan soxta smartfon olib qo‘ymaslik uchun yana shularni tekshirish kerak: 

  1. Sotuvchidan xarid chekini, telefon upakovkasini, sotib olingan firma rekvizitlari bilan eski kafolat talonini so‘rang, model haqidagi ma’lumotlarni solishtiring.
  2. Logotip va tugmalar joylashuviga e’tibor bering — ular asl nusxadan farq qilmasligi kerak.
  3. Barcha zavod ilovalarining to‘g‘ri ishlashini tekshiring va App Store yoki Google Play orqali biror ilovani yuklab oling.
  4. AirDrop yoki Quick Share orqali ma’lumotlar uzatilishini tekshiring.

Qalbaki telefon olib qoydingiz: nima qilishingiz kerak?

Telefonni do‘kondan olgan bo‘lsangiz, qo‘lingizda xaridni tasdiqlovchi chek albatta bo‘lishi kerak. Agar chek bo‘lsa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga saytda ariza yozishingiz mumkin. Boshqa dalillar: quti, smartfon, aksessuarlar, sotuvchi bilan yozishma skrinshotlari ham kerak bo‘ladi. Agentlikdan siz bilan bog‘lanib, ofisga taklif qilishadi. U yerda sudgacha da’voni rasmiylashtirishda yordam berishadi. Yoki sotuvchi bilan o‘rtangizdagi nizoni suddan tashqari tartibda hal qilmoqchi bo‘lib ko‘rishadi. Chekni saqlab qo‘ymagan bo‘lsangiz, pulingizni qaytarib ololmaysiz. 

Smartfonni qo‘ldan sotib olgan bo‘lsangiz, pulini qaytarib olishingiz qiyinlashadi. Ichki ishlar organlariga firibgarlik holati bo‘yicha ariza berishingiz mumkin, lekin natijaga erishish ehtimoli kam. 

Boshqa davlatda sotib olgan bo‘lsangiz, O‘zbekiston huquq-tartibot va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organlari sizga yordam bera olmaydi.