Bank kredit oluvchilarni qanday baholaydi?

Sizga kredit ajratish-ajratmaslikni skoring hal qiladi. Bu qarz oluvchini avtomatik baholash tizimi. Skoring mijozning moliyaviy holatini oʻrganadi, yigʻilgan ma’lumotlar asosida uning kredit toʻlash qobiliyatiga baho beradi. Bank xodimlari natijaga taʻsir qila olmaydi — qarorni faqat avtomatik tizim qabul qiladi. 

Mijozning toʻlov imkonini baholashda daromad, ish joyi, kredit tarixi kabi paramterlar hisobga olinadi. Keling, kredit berish toʻgʻrisidagi qarorga ta’sir qiladigan sabablarni koʻrib chiqamiz.

Nima sababdan kredit berish rad etiladi?

Voyaga yetmaganlik. Faqat 18 ga toʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari kredit olishga ariza berishlari mumkin. Biroq banklar qarz oluvchilar uchun yosh chegarasini mustaqil belgilay oladi. Bu ma’lumotni odatda bank saytidan yoki xodimlaridan olish mumkin.

Boshqa davlat fuqaroligi. Oʻzbekiston fuqarosi boʻlmagan kishilarga ham bank kredit ajratmasligi mumkin. Chet el fuqarolariga kredit beradigan moliya tashkilotlari ham bor, lekin ularning soni kam.

Rasmiy ish joyi yoʻqligi. Qonuniy ishlashingiz sizning doimiy daromadingiz borligini va kredit toʻlashga qodirligingizni anglatadi. Biroq ofisda oʻtirib ishlashingiz shart emas. Oʻzingizni oʻzingiz band qilsangiz, tadbirkorlik bilan shugʻullansangiz yoki shartnoma asosida ishlasangiz ham boʻladi. Asosiysi — doimiy daromadingiz borligini bankka isbotlay olishingiz. 

Ishlamaydigan kishiga kredit berish xatarli, u pulni qaytarmasligi mumkin. Shuning uchun rasmiy daromad kredit olishda asosiy shartlardan biri hisoblanadi.

Salbiy kredit tarixi. Bankdan qarz olgan kishilarning kredit tarixi boʻladi. U yuridik va jismoniy shaxslarning ma’lumotlar bazasini yuritadigan KATM — kredit byurosida saqlanadi. Bu yerda barcha kredit arizalari va ular bo‘yicha qarorlar, to‘lovlar roʻyxati koʻrinib turadi. Kredit tarixini mijozning moliyaviy obro‘yi deb atash mumkin. 

Skoring paytida bank KATMdan kredit tarixingiz ma’lumotlarini oladi. Agar sizda kechiktirilgan kreditlar yoki to‘lanmagan qarzlar bo‘lsa, yangi kredit olish qiyinlashishi mumkin. 

Kredit tarixingizni Yagona davlat xizmatlari portali yoki KATM orqali yilda bir marta bepul tekshira olasiz. Ma’lumotlar tez-tez kerak boʻlsa, to‘lov qilishingiz talab etiladi. 2025-yil yanvar oyi holatiga koʻra xizmat narxi 15 300 so‘mni tashkil qiladi.

Yuqori qarzdorlik yuki. Kredit tarixingizda kredit va qarzlar bo‘yicha har oyda qancha pul to‘layotganingiz ko‘rinib turadi. Bu toʻlovlar sizning qarz yukingiz hisoblanadi. Agar qoʻshimcha kredit olsangiz, qarz yuki ortadi.

Bank ushbu ma’lumotlarga qarab oylik toʻlovlarni oʻz vaqtida to‘lay olish-olmasligingizni baholaydi. Odatda qarz yuki daromadingizning 40-50 foizidan oshmasligi kerak boʻladi. Agar oshib ketayotgan boʻlsa, kredit rad etiladi yoki boshqacha shartlarda taklif qilinadi.

Kommunal xizmatlar, soliqlar, jarimalar yoki alimentlar bo‘yicha qarzlar mijozda pul bilan bogʻliq muammo borligini anglatadi. Bank to‘lovga qobiliyatsiz kishiga pul ajratib, tavakkal qilgisi kelmaydi. Majburiy ijro byurosiga o‘tkazilgan qarzlaringiz bor-yo‘qligini Yagona davlat xizmatlari portalida tekshirib ko‘rishingiz mumkin.

Anketadagi yolg‘on ma’lumotlar. Kreditga ariza toʻldirishda o‘zi va moliyaviy holati haqida to‘g‘ri ma’lumot berish tavsiya etiladi. Bank barcha ma’lumotlarni tekshiradi va yolg‘on aniqlansa, kredit berishni rad etadi.

Odatda kredit rad etilishi uchun bittagina sabab bo‘lmaydi: bank qarorni turli ma’lumotlarni hisobga olgan holda qabul qiladi.

Kredit olish imkoniyatini qanday oshirish mumkin?

Arizadagi ma’lumotni tekshiring. Xatolar boʻlsa to‘g‘rilang va hammasi aniq koʻrsatilganiga ishonch hosil qiling. 

Qarzlaringizni to‘lang. Agar jarimalar, soliqlar, alimentlar va kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlaringiz boʻlsa, oldin ularni qoplang.

Qarz yukingizni toʻgʻri baholang. Kreditlar, qarz pul va kredit kartalari bo‘yicha barcha oylik toʻlovlarni hisoblab chiqing, keyin unga olmoqchi bo‘lgan kreditingiz to‘lovini qo‘shing. Agar yigʻindi oylik daromadingizning yarmidan kam bo‘lsa, kredit olish imkoniyatingiz bor. Agar ko‘p bo‘lsa, oldin qarzlarning ba’zilarini yopishga harakat qiling, keyin yangi ariza topshiring. Yoki bankdan kamroq kredit summasini so‘rang. 

Hamma daromadlaringizni tasdiqlang. Bank qo‘shimcha daromadlar haqida soʻrashi mumkin — ma’lumotni ish beruvchingizdan olasiz. Agar siz maoshingizni yoki mijozlaringizdan to‘lovlarni boshqa hisobraqamlarga olayotgan bo‘lsangiz, bu toʻgʻrisida koʻchirmani taqdim etishingiz mumkin. 

Lekin ba’zida bunga hojat yo‘q — masalan, TBC Bank sizdan hech qanday ma’lumotnoma soʻramaydi. TBC UZ ilovasida kredit olishda boshqa bank kartalaringizni qo‘shishingiz mumkin — baholash paytida faqat rasmiy maoshingiz emas, umumiy oylik daromadingiz ham inobatga olinadi.

Rad javobi chiqsa, nima qilish kerak?

Rad javobi — bu vaqtinchalik holat. Odatda 30 kundan so‘ng kredit uchun qayta ariza berish mumkin boʻladi. Bu vaqt ichida maqolamizdagi maslahatlar yordamida moliyaviy koʻrsatkichlaringizni yaxshilashga harakat qiling. Ayniqsa daromadni tasdiqlash muhim: rasmiy ish joyingiz boʻlsin yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘ting. Shunda arizangiz ma’qullanish ehtimoli oshadi.