olx.uz e’lonlar sayti

Olx saytining "Ish" bo‘limida har kuni o‘nlab vakansiyalar joylashtiriladi. Rus va o‘zbek tillarida e’lonlar bor. Qidiruv filtrlarida kerakli sohani tanlash va ish haqini ko‘rsatish mumkin.Lekin xususiy e’lonlardan ehtiyot bo‘ling: firibgarlar yoki insofsiz ish beruvchiga duch kelish ehtimoli bor. Masalan, kuryer bo‘lib ishga kirsangiz, yuk tashuvchi vazifasini bajartirishlari ham mumkin. Kompaniyani oldin yaxshilab tekshiring: STIRi, rasmiy yuridik maqomi bo‘lsin. Internetda kompaniya haqidagi fikrlarni o‘qib ko‘ring, ish sharoitlarini o‘rganib chiqing va shartnomada hammasi aniq ko‘rsatilishiga e’tibor bering.

Vakansiyalar ko‘p, lekin ularni ehtiyot bo‘lib tanlash kerak
Kriptobirjada daromad topish takliflariga shubha bilan qarang

HeadHunter

hh.uz — ish izlash bo‘yicha eng yirik saytlardan biri. Bu yerda har kuni o‘nlab ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Asosan to‘liq bandlik taklif qilinsa-da, filtrlarni sozlab, talablarga moslab olish mumkin. Masalan, dam olish kunlari uchun ish izlash, kechki yoki kuniga to‘rt soatgacha bo‘lgan grafikni tanlash, ish haqiga talablar qo‘yish imkoni bor. Ish beruvchilar uchun vakansiya joylashtirish pulli, faqat ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar e’lon beroladi — firibgarlarga duch kelish ehtimoli past.

Servis rezyumeni to‘g‘ri tuzishga yordam beradi — shunchaki profilni to‘ldirayotganda ko‘rsatmalardan foydalanasiz. Rezyumeni DOCX va PDF formatlarida yuklab olish mumkin — elektron pochta orqali yuborishga qulay. Shuningdek, saytda vakansiyaga ilova xati biriktirib ariza yuborish va uning holatini kuzatib borish mumkin. 

Filtrlarda qulay ish soatlarini tanlashingiz mumkin
Bo‘sh ish o‘rinlari ko‘p, lekin javob doim ham kelavermaydi

Milliy vakansiyalar bazasi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy resursi. Bo‘sh ish o‘rinlarini faqat  zarur hujjatlarni taqdim qilgan yuridik shaxslar joylashtira oladi. Ish izlashda hudud, maosh, tajriba kabi mezonlarni tanlash mumkin. Yarim va chorak stavkali vakansiyalar asosan "Talabalar uchun" bo‘limida joylashgan. Takliflarning aksariyati o‘zbek tilida. 

Agar sizni ishga olgan kompaniya mehnat shartlarini bajarmagan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sayt orqali mehnat inspeksiyasiga shikoyat yuborishingiz mumkin — faqat oldin Davlat xizmatlarida ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Fevral oyida maktablar va bolalar bog‘chalariga quruvchilar, qo‘riqchilar va ma’muriy xodimlar kerak bo‘lgan

Facebook’dagi “Есть работа!” guruhi

O‘zbekistonda ish qidirish bo‘yicha eng katta guruh, deyarli 85 ming obunachisi bor. Bu yerda to‘liq stavkali va kunlik takliflar bor. Ko‘pincha xizmat ko‘rsatish, savdo, yetkazib berish sohalarida ish taklif qilishadi.

Facebook’da qulay qidirish tizimi yo‘q — obuna bo‘lib, e’lonlarni kuzatib borish kerak bo‘ladi. Ko‘pincha vakansiyalarni oddiy foydalanuvchilar joylashtiradi, shuning uchun ish beruvchining ishonchliligini baholash qiyin. Bunday guruhlarda firibgarlarga duch kelish xavfi yuqori — ish tajribangizdan boshqa hech qanday shaxsiy ma’lumotlarni ko‘rsatmang, yubormang.

Vakansiyani firibgar joylashtirganini qanday aniqlash mumkin?

Haddan tashqari yuqori maosh. "Bir-ikki soatlik ish uchun 400 dollar" yoki "ishni o‘zimiz o‘rgatamiz, ikki haftaga 15 million so‘m to‘laymiz" kabi va’dalar sizni hushyor torttirsin.

Sizdan shaxsiy ma’lumotlarni so‘rashadi. Ish beruvchi sizdan pasport yoki ID kartani faqat mehnat shartnomasini rasmiylashtirishda so‘raydi. Ma’lumotlarni yozishma bosqichida so‘ragan kishi katta ehtimol bilan firibgar. Internetda shaxsiy ma’lumotlaringizni begonalarga hech qachon bermang.

To‘lov talab qilishadi. Firibgar "kafolat badali" to‘lashni, ish o‘rnini band qilish uchun pul o‘tkazishni so‘rashi mumkin. Haqiqiy ish beruvchi sizdan hech qachon pul talab qilmasligini unutmang.

“Работа в Ташкенте” Telegram kanali 

Rus tilida eng yirik ish qidirish kanali. Bu yerda ko‘pincha to‘liq stavkali ish o‘rinlari e’lon qilinsa-da, yarim stavkali va soatli takliflar ham uchrab turadi. Bir kunda o‘rtacha 10-15 ta vakansiya paydo bo‘ladi. E’lonlar nazorat qilinmaydi — ish beruvchini tekshirish va ish sharoitlarini mustaqil o‘rganish kerak. 

Telegram’da e’lon bo‘yicha yozishdan oldin nikneym va telefon raqamingizni sozlamalar orqali ko‘rinmas qiling. Shunda firibgarlar shaxsiy ma’lumotlaringizdan foydalana olishmaydi. 

“Oylik va kunlik ishlar Toshkent” Telegram-kanali 

Bu kanalda kunduzgi va kechki, smenali va bir martali ish o‘rinlari joylashtirib boriladi. Ko‘pincha ishlab chiqarish korxonalariga ishchilar va bozorlarga sotuvchilar qidiriladi. Kuniga 10 tagacha bo‘sh ish o‘rni paydo bo‘ladi. 

Vakansiyalar o‘zbek tilida beriladi. Kompaniyalar o‘zi haqida ko‘p ma’lumot bermaydi, tafsilotlarni ko‘rsatilgan kontaktlar orqali ish beruvchidan so‘rash kerak bo‘ladi. Bu yerda ham oddiy xavfsizlik qoidalariga rioya qiling: profilingiz ma’lumotlarini yashiring, shaxsiy ma’lumotlaringizni oshkor qilmang. Ish sharoitlarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqing — e’lonni firibgarlar joylashtirgan bo‘lishi mumkin.

“Ish Plus” portali

Ishplus.uz loyihasi nogironligi bo‘lgan insonlarga ish topishda yordam beradi. U “Sharoit Plus” jamoatchilik birlashmasi tomonidan tashkil etilgan. Har hafta saytda 5—20 ta vakansiya e’lon qilinadi — asosan davlat ta’lim tashkilotlari takliflari. 

Bo‘sh ish o‘rinlarini nomzodning ish jadvali va nogironlik turiga qarab saralash mumkin. Ariza qoldirish uchun saytda ro‘yxatdan o‘tish kerak. Bundan tashqari, maxsus bo‘limda rezyume qoldirish ham mumkin.

Saytda qo‘shimcha imkoniyat. +998 (90) 818-07-08 raqami orqali yuridik maslahat olish yoki ish topishda yordam so‘rash mumkin: 09:00 dan 17:00 gacha ishlaydi. Vakansiyalardan tashqari, saytda nogironligi bo‘lgan kishilar uchun stajirovka va kurslar e’lon qilinadi.

Ishplus.uz saytida kerakli soha, shahar va nogironlik turini tanlab ish qidirish mumkin

Kompaniyalarning rasmiy sahifalari

Yirik ish beruvchilar ko‘pincha o‘z saytlarida takliflarni joylashtiradi. Masalan, “Yandex” kuryerlarni, “Beeline” aloqa markaziga mutaxassislarni doimiy ravishda qidiradi. Agar siz biror bir kompaniyada ishlashni xohlasangiz, uning saytiga kirib, "Bo‘sh ish o‘rinlari" bo‘limini izlab ko‘ring. 

Yandex vakansiyalari 
Beeline vakansiyalari

Afzallik taraflari. Rasmiy veb-saytlarda yuborilgan rezyume to‘g‘ridan-to‘g‘ri HR bo‘limiga borib tushadi. Agar u to‘g‘ri yozilgan va rasmiylashtirilgan bo‘lsa, uni tezroq ko‘rib chiqishlari mumkin. Bundan tashqari, yirik kompaniyalar mehnat qonunchiligiga e’tiborliroq bo‘ladi.

Maslahat: vakansiyalarni nafaqat agregatorlardan, balki kompaniyalarning rasmiy saytlaridan ham izlang

Yirik ish beruvchilar o‘z saytlarida takliflarni tez-tez joylashtirib turadi. Masalan, “Yandex” kuryerlarni, “Beeline” aloqa markaziga mutaxassislarni doimiy ravishda qidiradi. Agar siz biror bir kompaniyada ishlashni xohlasangiz, uning saytiga kirib, "Bo‘sh ish o‘rinlari" bo‘limini izlab ko‘ring.