Homiladorlikka tayyorgarlik
2024-yil dekabr oyida uchinchi farzandimni dunyoga keltirdim. Bu safar birinchi homiladorligimda bo‘lgani kabi har narsadan xavotirlanmadim. Homiladorlik belgilari paydo bo’lishi bilan darhol homiladorlik testi qildim. Uning natijasi ijobiy ekanligini bilganimdan so’ng, xususiy pulli klinikada yotishga qaror qildim. Davlat poliklinikasi bepul, ammo u yerda ko‘p asabiylashasiz. Shunday bo‘lsa-da, homiladorlik kartasini olish uchun poliklinikaga baribir borish kerak — bunga yana keyinroq to‘xtalaman.
Homiladorlik davri oson o’tishi uchun avvalo dastlabki tekshiruvlarni o‘tkazdim: bachadon va tuxumdonlarning UTT (“UZI”) tekshiruvi, yuqumli va yallig‘lanish kasalliklari uchun tahlillar topshirdim. Bachadonning UTT tekshiruvi uning homilani ko‘tarishga tayyorligini, tuxumdonlarning UTT tekshiruvi esa kistalar, mioma yoki boshqa kasalliklar borligini ko‘rsatadi.
Erkaklarda ham sog‘liq muammolari bo‘lishi mumkin. Turmush o‘rtog‘im ham tahlillarni topshirdi va shifokorlarga murojaat qildi. Barchasi uchun taxminan 500 ming so‘m sarfladik.
Homiladorlik kartasi qanday olinadi?
Bu kartani faqat poliklinikada olish mumkin. U kasallik varaqasini olish va yashash joyingiz bo‘yicha tug‘ruqxonaga tushishingiz uchun kerak. Karta bo‘lmasa, tez yordam sizni istalgan, hatto eng xarob holatdagi tug‘ruqxonaga olib borishi mumkin. Shuning uchun ham kartani tayyor qilib qo‘yganingiz yaxshi.
Homiladorlikning 12-haftasigacha hisobga turish kerak. Ulgurmagan bo‘lsangiz, buni tug‘ruqqacha qilish muhim. Erta tug‘ruq 28-haftada, muddatdan oldingisi esa 23-haftada boshlanishi mumkin. Ungacha homiladorlik kartasini rasmiylashtirib, tahlil javoblarini olishingiz kerak.
Hisobga turish uchun davlat poliklinikasiga xususiy klinikada o‘tgan hamma tekshiruvlarim natijalarini olib bordim va homiladorlik kartasini oldim.

Homiladorlik paytida tekshiruvlar
Tahlillar va shifokorlar. RW, qand, gemoglobin, OIV, gepatit va koagulogramma uchun qon topshirdim. Oftalmolog, stomatolog, kardiolog va terapevt ko‘rigidan o‘tdim. Mutaxassis qabuli o‘rtacha 250 000 so‘m, tahlillarning har biri 150 000 so‘mdan tushdi.
UZI. Homilador bo‘lganimni tushunganimda birinchi marta UTTga tushdim. Bachadondan tashqari homiladorlik yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun. Ikkinchi UTTni 7-haftada qildim — homilaning yuragi urayotganini tasdiqladi. Uchinchisiga 37-haftada bordim. UTTga tushish jami 400 000 so‘m bo‘ldi.
Skrining. Bu tekshiruvlar kompleksini shifokor homiladorlikning ma’lum davrida tayinlaydi. Unga UTT, birinchi trimestr bo‘lsa, qonning biokimyoviy tahlili ham kiradi. UTT-skrining paytida shifokorlar patologiyalar yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun homila rivojlanishining ma’lum ko‘rsatkichlarini tekshiradi. Hammasi bo‘lib uch marta skrining qildirganman: 14-, 22- va 33-haftada. Birinchisiga 200 000 so‘m, ikkinchisiga 300 000 so‘m, uchinchisiga esa 440 000 so‘m to‘laganman.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi — skrininglar haqida (gov.uz/oz/ssv/news/view/18066)
Qo‘shimcha tekshiruvlar. Mening ikkinchi bolam Prader-Villi sindromi bilan tug‘ilgan. Bu kam uchraydigan irsiy kasallik jismoniy va aqliy rivojlanishning kechikishi bilan birga davom etib boradi. Shuning uchun uchinchi homiladorlik paytida men homilada xromosomalar darajasida anomaliyalarni aniqlaydigan noinvaziv prenatal test — NIPT topshirdim. U odatda homiladorlikning uchinchi-to‘rtinchi oyida o‘tkaziladi.
Tug‘ruqxonaga nimalar kerak?
Men oldindan kerakli barchasini sotib olib, ichi ko‘rinadigan kleyonkali sumkaga soldim — tug‘ruqxonada qoida shunday.
Bola uchun. Ishtonchali 20 ta kombinezon — ochiqlariga qaraganda ular menga ko‘proq yoqadi. 10 ta iliq flanel yo‘rgak, beshta kostyumcha, paypoq va qalpoqcha. Ovqatlantirish uchun shishacha — tug‘ruqxonada bolalarni noqulay uzun so‘rg‘ich bilan ovqatlantirishadi.
Sinalgan bir dona aralashma oldim: odatda onada sut 3-4-kunda paydo bo‘ladi, ungacha bolani aralashma bilan ovqatlantirishadi. Cho‘milish uchun gel, sochiq va terining qizarishiga qarshi krem, albatta, bo‘lishi kerak.
O‘zingiz uchun. Tug‘gan ayollar uchun prokladkalar yoki maxsus trusiklar — beshta donasi yetarli. Tug‘gan ayollar uchun siynaband — juda muhim narsa, u kattargan ko‘krakni yaxshi ushlab turadi va og‘riqni yengillashtiradi. Bundan tashqari, shippak va almashtirish uchun pijama ham oldim.
Hammasi bo‘lib tug‘ruqxonaga 5 090 000 so‘m ketdi.

Tug‘ishning o‘zi qancha turadi?
Men Akusherlik va ginekologiya markazida tug‘dim. Tug‘ish va hamma kerakli tahlillar, ko‘riklar hamda muolajalarga 3,7 mln sarfladim. Ikki kunga alohida palata 953 000 so‘m atrofida bo‘ldi. Umumiy palata arzonroq, lekin men uchun noqulay. Ovqatlanish uchun 108 900 so‘m va bola uchun statsionarga va barcha kerakli tekshiruvlarga 726 000 so‘m berdim.


Jami homiladorlik davri va tug‘ishga qancha sarfladim?
Tekshuruvlardan o‘tish va tug‘ruqxonaga tayyorlanish uchun 15 mln so‘mdan ortiq ketdi. Bundan tashqari, tug‘ish payti uchun 5 mln so‘mdan ortiq pul to‘ladim. Ha, biroz qimmat, lekin men uchun bolam va o‘z sog‘lig‘im puldan muhimroq.
2024-yilda homiladorlik va tug‘ish davridagi xarajatlar — taxminan 20,5 mln so‘m
