O‘zini o‘zi band qilgan shaxs kim?

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs — o‘zi uchun ishlaydigan odam. Masalan, u sabzavot yoki qo‘ziqorin yetishtirib sotishi, kiyim-kechak tikishi, milliy bezaklar tayyorlashi yoki asalarichilik bilan shug‘ullanishi mumkin. O‘zini o‘zi band qilganlar to‘g‘risidagi qarorda jami 103 ta faoliyat turi nazarda tutilgan. 

Qonun bir vaqtning o‘zida bir necha ishni tanlashga yoki mavsumga qarab faoliyat turini o‘zgartirishga ruxsat beradi. Misol uchun, siz bir vaqtning o‘zida uy xo‘jaligini yuritish va bolalarga qarash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishingiz mumkin. Qishda esa do‘ppi tikish yoki munchoqlardan to‘g‘nag‘ichlar tayyorlash bilan shug‘ullansangiz bo‘ladi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom

O‘zbekistonda voyaga yetgan har bir kishida o‘zini o‘zi band qilish huquqi bor. Faqat ishchilarni yollash mumkin emas. Agar biznes o‘sib, xodimlarga ehtiyoj tug‘ilsa, boshqa soliq maqomiga o‘tish — YATT rasmiylashtirish kerak bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida ikkita maqomga ega bo‘lish ruxsat etilmaydi. Xuddi o‘zini o‘zi band qilgan kishi mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkin bo‘lmagani kabi.

O‘zini o‘zi band qilishning afzalliklari

Rasmiy ish. Ruxsatsiz ishlash qonunbuzarlikka kiradi. Noqonuniy daromad uchun jarima va jinoiy javobgarlik bor. O‘zini o‘zi band qilgan kishilarning daromadi rasmiy daromad hisoblanadi.

Soliqlar past yoki umuman yo‘q. O‘zini o‘zi band qilganlar 100 mln so‘mdan yuqori aylanmadan 4 foiz soliq to‘laydi. Agar sotuv hajmi kichik bo‘lsa — to‘lov qilish umuman shart emas. Masalan, bir yilda 98 mln so‘m ishlab topsangiz, sizga soliq solinmaydi. Agar yillik daromadingiz 105 mln so‘m bo‘lsa, faqat 5 mlnidan — 200 000 so‘m to‘laysiz. 

O‘zini o‘zi band qilgan kishi uchun sug‘urta va ijtimoiy badallar to‘lash majburiy emas, ixtiyoriy. Daromad 1 mlrd so‘mdan oshsagina QQS va foyda solig‘ini to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Mehnat staji. O‘zini o‘zi band qilgan kishiga ish staji birinchi kundan boshlab yozib boriladi. Faqat buning uchun yiliga bir marta bir BHM miqdorida ijtimoiy badal to‘lash kerak. 2025-yilda bu summa 375 000 so‘mni tashkil qiladi. Agar staj kerak bo‘lmasa, badal to‘lamaslik ham mumkin.

Pensiyaning oshishi. Bazaviy pensiya olish uchun inson kamida 7 yil ishlab berishi kerak. Yosh bo‘yicha pensiyaga chiqish uchun ayollar 20 yil, erkaklar 25 yil stajga ega bo‘lishi shart. Agar ish staji bo‘lmasa, faqat minimal nafaqa to‘lanadi. 2024-yilda u 745 ming so‘mgacha oshirildi. 

Agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bazaviy ijtimoiy badalni to‘lab borsa, u 920 000 so‘m miqdorida minimal pensiya olishi mumkin bo‘ladi. Qancha ko‘p badal to‘lansa, kelajakda pensiya shuncha ko‘p bo‘ladi.

Kredit va ssudalar. Agar daromadingiz rasmiy bo‘lsa, iste’mol kreditlari va biznesni rivojlantirish uchun ssudalar olish uchun bankka murojaat qilishingiz mumkin. 2024-yilda o‘zini o‘zi band qilgan oilalar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi bo‘yicha tomorqa xo‘jaligini yuksaltirish uchun 33 million so‘mgacha kredit olishi mumkin bo‘ldi. Rasmiy daromadi bo‘lmaganlarga katta ehtimol bilan kredit ajratilmaydi.

O‘zini o‘zi band qilgan ayollar qo‘llab-quvvatlanadi

O‘zini o‘zi band qilgan ayollar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha yordam ko‘zda tutilgan.

Bepul konsultatsiya va o‘qitish. Davlat dasturiga ko‘ra, "Ishga marhamat" monomarkazlarida ayollar biznes ochish va rivojlantirish bo‘yicha bepul maslahatlar olishi, turli mutaxassislik kurslarida qatnashishi, chet tillarini o‘rganishi va sertifikat olishi mumkin. Sertifikat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi diplomiga tenglashtiriladi. Shuningdek, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun davlat tomonidan grantlar ajratilgan. Ularni olish uchun mahallaga murojaat qilish kerak.

Subsidiyalar. Tadbirkor ayollarga davlat tomonidan 10 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Bu pulga biznes uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va texnika sotib olish mumkin. Subsidiya olish uchun mahallaga murojaat qilib, "Ayollar daftari"da ro‘yxatdan o‘tish, keyin "Onlayn mahalla" elektron xizmati orqali yoki shaxsan mahalla vasiylik kengashi raisiga ariza topshirish kerak.

Imtiyozli kreditlar. Tadbirkor ayollar biznes ochish uchun 33 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirishi mumkin.

O‘zini o‘zi band qilish qanday rasmiylashtiriladi?

O‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatga olish bepul. Uni onlayn yoki ofisga borib rasmiylashtirish mumkin.

Onlayn tarzda Yagona davlat xizmatlari portali yoki soliq qo‘mitasi saytlarida ro‘yxatdan o‘tsa bo‘ladi. Buni Soliq ilovasida ham qilish mumkin. Ilova Google Play yoki App Store orqali yuklab olinadi. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki elektron raqamli imzo, ERI kerak bo‘ladi.

Slide 1
Ilovada "O‘zini o‘zi band qilish" bo‘limini tanlash va JSHSHIR yoki ERI yordamida shaxsni tasdiqlash bosqichidan o‘tish kerak
Slide 2
Keyin shahringizni, siz shug‘ullanmoqchi bo‘lgan faoliyat turini ko‘rsatishingiz kerak — taklif qilingan ro‘yxatdan bir nechta faoliyat turlarini belgilash mumkin
Slide 3
Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng QR-kod olasiz — bu sizning maqomingizni tasdiqlaydi. Uni davlat organlari xodimlariga yoki mijozlarga taqdim etish mumkin. Ilovada ro‘yxatdan o‘tganlik haqida odatiy ma’lumotnomani ham yuklab olish mumkin

Shaxsan ofisda. Sizga eng yaqin davlat xizmatlari markaziga yoki tuman soliq bo‘limiga murojaat qiling. O‘zingiz bilan pasport va JSHSHIR bo‘lishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng sizga QR kod bilan ro‘yxatdan o‘tganingiz haqida qog‘oz ma’lumotnoma beriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish muddatsiz — o‘zingiz bekor qilmasangiz maqom amal qilaveradi. O‘zini o‘zi band qilish maqomidan istalgan vaqtda voz kechish mumkin. Buning uchun Soliq ilovasida yoki soliq qo‘mitasi saytining shaxsiy kabinetida ariza yuborish kerak. Bir necha kun ichida sizni hisobdan chiqarishadi. Yoki ro‘yxatdan o‘tilgan joydagi soliq bo‘limiga pasport bilan borsangiz bo‘ladi — inspektor maqomingizni darhol bekor qilib beradi.