Har yili qancha mashina sotiladi?
2023-yilda O‘zbekistonda 1,69 mlnta mashina sotilgan — bu 2022-yilga nisbatan 18% ga ko‘proq. Ularning katta qismi, 1,3 mlntasi — eski avtomobillar. Birlamchi bozorga qarasak, bu yerda ham o‘sishni ko‘ramiz: 2022-yilda 285 mingta yangi mashina sotib olingan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 379 mingtagacha oshgan.
Birlamchi bozorda mahalliy avtomobillarga talab ancha yuqori: atigi 46 ming dona yangi inomarka sotilgan.
O‘zbekiston qayedan avtomobil import qiladi?
Avtomobil import qiluvchi uchta eng yirik mamlakat bir necha yildan beri Xitoy, Koreya va AQSH bo‘lib kelmoqda. 2024-yilning yanvaridan avgustigacha O‘zbekistonga 912 mln dollar summaga 48,1 mingta yengli avtomobil olib kelingan.
Ko‘rinishidan, yil oxiriga borib ham yetakchi importchilar uchligi o‘zgarmaydi, biroq import hajmi oshadi:
2023–2024-yillarda O‘zbekistonga qancha avtomobil va qayerdan import qilingani

Mamlakatda qanday avtomobillar ishlab chiqariladi?
Ikki yil ichida O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarish 1,6 baravarga oshdi — 2021-yildagi 236 mingtadan 2023-yilda 395 mingtaga yetdi. "O‘zavtosanoat" kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatimizda 374 989 dona avtomobil ishlab chiqarilgan.
Ishlab chiqaruvchilar. Mamlakatdagi avtomobillarning deyarli 90 foizini ishlab chiqaradigan “UzAuto Motors” (Chevrolet brendi) bozor yetakchisi hisoblanadi. O‘zbekistonda boshqa yirik korxonalar ham bor: “ADM Jizzakh” Kia Sonet mashinalarini, “BYD Uzbekistan Factory” esa BYD Song Plus Champion DMI avtomobillarini ishlab chiqaradi.
Markalar. 2024-yilning dastlabki 11 oyida eng ko‘p sotilgan yangi avtomobil Chevrolet Cobalt bo‘lgan — 120,5 mingta. Ikkinchi o‘rinni Chevrolet Damas egallagan — 96,1 ming dona. Uchinchi pog‘onada Chevrolet Tracker joylashgan — 35,9 ming dona.
2024-yilning yanvar-noyabrida mahalliy korxonalar qancha avtomobil ishlab chiqargani

Eng ko‘p xarid qilinadigan avtomobillar qaysi?
Ichki avtomobil ishlab chiqarish va import hajmi o‘rtasidagi farqni eslasak, yangi avtomobillar bozorida O‘zbekistonda chiqqan mashinalar ustunlik qilishi aniq. Avvalo, bu “UzAuto Motors” zavodining Chevrolet avtolari. Kompaniya ulushi 2024-yilning yanvar-noyabr oylarida 88,5 foizni tashkil qilgan. Ikkinchi o‘rinni 4,6% bozor ulushi bilan Kia egallagan. Uchinchi o‘rinda BYD — 4,4%, to‘rtinchida Chery — 1,8%, beshlikning so‘ngida — 0,7% bilan Haval.
Importning past ulushiga yuqori soliqlar, bojxona yig‘imlari va poshlinalar ta’sir qiladi: “KPMG Uzbekistan” ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu to‘lovlarning umumiy summasi dvigatel hajmiga qarab mashina qiymatining 70 foizigacha yetishi mumkin. Yangi bojxona qoidalari ham vaziyatni murakkablashtirgan: 2024-yil noyabr oyidan boshlab import qilinayotgan avtolar muvofiqlik sertifikatini olish uchun bojxonada emas, Toshkentdan 60 km uzoqlikdagi Piskent poligonida texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Poligon bunday yuklamaga tayyor emas: uning quvvati avtomobillar importi hajmidan uch baravar past.
Shu bilan birga elektromobillarga ham talab oshmoqda: oddiy avtomobil “rastamojka”si mashina narxining 70 foiziga teng bo‘lsa, gibrid avtolarniki ko‘pi bilan 50 foizni, to‘liq elektrda ishlaydigan mashinalarniki bor-yo‘g‘i 20 foizni tashkil qiladi.
.webp)
Eng ko‘p sotiladigan top-5 yangi avotomobil modellari — UzAuto Motors mahsuloti: Chevrolet Cobalt, Damas (jumladan, uning Labo modifikatsiyasi), Tracker, Lacetti va Onix. Oltinchi eng ko‘p sotiladigan marka — Kia Sonet. Yettinchi va sakkizinchi — BYD Song Plus va BYD Chazor. Avtomobillar o‘ntaligini Chery Tiggo 7 Pro krossoveri va Kia Sportage yakunlaydi.
“Avtostat” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston ikkilamchi bozoridagi eng mashhur avtolar — Lacetti, Chevrolet Cobalt, Spark, Damas, Nexia 2, Nexia 3 hamda VAZ-2106.