Firibgarlikning qanday turlari bo‘ladi?

Qo‘ng‘iroq va SMS orqali aldashning keng tarqalgan usullarini ko‘rib chiqamiz. 

“Yaqiningiz boshiga kulfat tushdi”. Telefonda hayajonli ovoz yaqiningiz baxtsiz hodisa aybdori bo‘lgani yoki jiddiy huquqbuzarlik sodir etganini aytadi. Unga jazodan qutilishda yordam berish uchun iloji boricha tezroq pul jo‘natishni talab qiladi. 

Qo‘rquvdan odam his-tuyg‘ularga beriladi va yaqin insonini qutqarish uchun darhol pul o‘tkazib beradi. Aslida hech qanday fojia yuz bermagani, pullar esa firibgar qo‘liga tushgani keyinroq ma’lum bo‘ladi. Aldovning bu turi ko‘proq keksa odamlarga ta’sir qiladi. Ularni qo‘rqitish, nabirasi yoki o‘g‘lini “qutqarish”ga ko‘ndirish osonroq kechadi. Firibgarlar bugun sun’iy intellekt yordamida ovozlarni qayta tasvirlab, o‘z qurbonlarini qiyinchiliksiz ishontirib olishmoqda.  

“Bank”dan qo‘ng‘iroq. Suhbatdosh o‘zini bank xodimi deb tanishtiradi va rasmiy ohangda sizning kartangizdan kimdir pul yechmoqchi bo‘layotganini ma’lum qiladi. Buning oldini olish uchun shaxsingizni tasdiqlashni, karta ma’lumotlari va SMS kodni so‘raydi. Ularni ma’lum qilsangiz, kartangizdagi barcha mablag‘lar o‘g‘irlanishi mumkin.

Pulni “ishonchli joyga” o‘tkazib turish. Bu usul “bank”dan qilingan qo‘ng‘iroqqa o‘xshab ketadi. Faqat suhbatdosh o‘zini organ xodimi deb tanishtiradi va pulingizni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan jinoyatchilarni kuzatayotganini aytadi. “Xodim” pullarni saqlab qolish uchun ishonchli hisobraqamga o‘tkazib turishni tavsiya qiladi. Tergov harakatlari tugaganidan so‘ng ularni qaytarishga va’da beradi. Firibgar sizdan bank parollaringizni yoki karta ma’lumotlaringizni so‘rashi mumkin.

“Adashib sizga pul o‘tkazibman”. Hisobingizga pul tushgani haqida SMS olasiz, orqasidan qo‘ng‘iroq keladi. Suhbatdosh tasodifan sizga pul o‘tkazib yuborganini aytib, uni qaytarishingizni so‘raydi. Siz qaytarib jo‘natasiz, lekin aslida o‘zingizning hisobingizdan pul o‘tkazgan bo‘lasiz.

Firibgarning hiylasi shuki, u SMSni soxta raqamdan o‘zi jo‘natgan bo‘ladi. Siz balansingizni tekshirib o‘tirmaysiz, deb umid qiladi. Ko‘pincha bu hiyla natija beradi: ba’zilar o‘zini noqulay his qilib, firibgar so‘ragan summani qaytarib o‘tkazadi. 

Kreditni tasdiqlash haqida SMS. Firibgar bank nomidan yozadi — sizga kredit tasdiqlangani yoki shartlari yaxshilangani, qarzingiz summasi oshgani yoki ma’lumotlaringiz yangilanishi kerakligi haqida. U yuborgan havola bankning soxta saytiga olib boradi. Agar kartangiz raqami va CVV kodini kiritsangiz, firibgar pullaringizni yechib oladi.

Nurshod Bahromov
TBC Bankda Xavf-xatarlar bo‘yicha bosh mutaxassis
Jinoyatchiga beixtiyor sherik bo‘lib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Firibgarlar ma’lumotlaringizni olgach, kartangizni to‘lov ilovalariga ulab, undan pul o‘tkazish uchun vosita sifatida foydalanishi mumkin. Bunday holatda siz beixtiyor ularning sherigiga aylanib qolasiz, chunki o‘g‘irlangan yoki firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘lar sizning kartangizga tushadi va undan firibgar hisobraqamiga o‘tadi. Agar siz ma’lumotlaringizdan firibgarlar foydalanyapti, deb hisoblasangiz, zudlik bilan bankka qo‘ng‘iroq qiling va kartangizni bloklang.

Olx va boshqa saytlarda to‘lov havolasi. Deylik, siz olx.uz saytida mahsulot sotyapsiz. Sizga o‘zini xaridor deb tanishtirgan kishi yozadi. U xaridni onlayn to‘laganini aytib, to‘lovni tasdiqlashingizni so‘raydi. Yoki yetkazib berish xizmati orqali mahsulotni jo‘nating deb, ro‘yxatdan o‘tishni taklif qiladi. Ikkala holatda ham u yuborgan havola soxta saytga olib boradi. U yerda bank karta ma’lumotlari va SMS kod so‘raladi. Agar ularni kiritsangiz, firibgar tuzog‘iga tushib qolasiz.

Telefon firibgarlarini qanday aniqlash mumkin?

Firibgarlar suhbat davomida bir xil psixologik usullardan foydalanadi. Keling, ularni ko‘rib chiqamiz.

O‘ylashga vaqt berishmaydi. Firibgarning maqsadi — sizni g‘aflatda qoldirish. Shuning uchun u tez gapiradi, shoshiltiradigan jumlalarni ishlatadi. Chunki vahimaga tushgan kishini pul o‘tkazishga yoki kodlarni aytishga ko‘ndirish osonroq bo‘ladi.

Tahdid qilishadi. Agar firibgar o‘zini organ xodimi deb tanishtirsa, u "hamkorlik" qilishni talab qiladi, rozi bo‘lmasangiz, qamoq yoki jarima bilan qo‘rqitadi. Holat to‘g‘risida hech kim bilmasligi kerakligini, bular maxfiy ma’lumot ekanini tushuntirishga harakat qiladi.

Bankning firibgar bilan tili bir, deydi. Banklarda shubhali operatsiyalarni aniqlash va to‘xtatishga yordam beradigan texnologiyalar bor. Bunday hollarda bank xodimlari mijozlarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni firibgarlar aldamayotganiga ishonch hosil qilishi mumkin. Masalan, TBC Uzbekistan mijozlarini himoya qilish uchun aynan shunday yo‘l tutadi.

Biroq firibgar bank jinoyatchilar bilan til biriktirgan, deb ishontirmoqchi bo‘ladi. Bank xodimi telefon qilsa, “pulni o‘zim o‘tkazyapman”, deb aytishingizni buyuradi. 

Kod va parollarni so‘rashadi. Haqiqiy bank yoki ichki ishlar xodimi hech qachon karta ma’lumotlarini yoki shaxsiy parollarni sizdan so‘ramaydi. Ularning bunga qonunan haqi yo‘q.

Jinoyatchilar o‘zlarini organ xodimlari, mobil aloqa operatorlari yoki hamkasblaringiz deb tanishtirishi mumkin. Ishontirish uchun hatto siz haqingizdagi faktlardan yoki tanishlaringizning ismlaridan foydalanishi mumkin. Bunday ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardan olish qiyin emas.

Firibgar qo‘ng‘iroq qildi — nimalarni bilish kerak?

Suhbatni yakunlashdan qo‘rqmang. Shubhali tuyulgan har qanday qo‘ng‘iroqni o‘chirib qo‘ying. Sizga aytilgan ma’lumotni doim tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Shunchaki qarindoshingiz, bank yoki nomidan telefon bo‘lgan idora bilan bog‘laning. 

Xotirjamlikni yo‘qotmang. Agar suhbatdosh juda ishonchli gapirib, sizni ikkilantirib qo‘ysa, hech bo‘lmasa bir daqiqa tanaffus qiling. Telefonni bir chetga qo‘yib, nafasni rostlab oling. Shunda biroz tinchlanasiz, telefon firibgarlari haqida o‘qigan va eshitganlaringizni eslaysiz.

Savol berib ko‘ring. Har qanday aniqlashtiruvchi savol firibgarni chalg‘itib, chalkash javob berishga majbur qilishi mumkin. “Qaysi bo‘limda ishlaysiz, murojaatlar bilan ishlash bo‘limining telefon raqami qanaqa va h.k.?”. Javoblarni keyin tashkilot saytidan tekshirib ko‘rish mumkin.

Hech qanday ma’lumotni aytmang. Asosiy qoidaga amal qiling — telefon orqali shaxsiy ma’lumotlar, karta raqami va SMS kodlarni hech qachon ma’lum qilmang.

Pullarni qaytarib olish uchun nima qilish kerak?

Agar siz firibgarga pul o‘tkazib qo‘ysangiz, darhol bankingizga murojaat qiling — ilovadagi chat, saytdagi ishonch telefoni yoki qo‘llab-quvvatlash xizmati raqami orqali. Bank firibgarlik holatini tekshirishga yordam berishi, masalan, hisobvaraq va kartalarni o‘z vaqtida bloklashi, tranzaksiyalarni kuzatib qolishi mumkin. 

Lekin pulni qaytarish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar aralashuvi kerak bo‘ladi. Siz o‘g‘irlatgan pul miqdori oz bo‘lsa ham, tergov ishlarida qatnashish uchun vaqtingiz kam ham, baribir ariza yozing. Buning uchun ichki ishlar bo‘limiga shaxsan borishingiz yoki IIV rasmiy veb-saytida elektron murojaat qoldirishingiz mumkin.

Arizangizda nima bo‘lganini batafsil tasvirlang va qanday isbot bo‘lsa, hammasini ilova qiling. Yozishmalar, soxta sayt skrinshotlari, bank ko‘chirmalari, suhbat yozuvi — barcha ma’lumotlar vaziyatni tezroq tushunish va firibgarni aniqlashga yordam berishi mumkin.

Eslab qolish muhim

Firibgarlar qurboniga aylanmaslik uchun asosiy qoidalarni yodda tuting va yaqinlaringizga ham ayting: